Los-Anjeles-2028: Gimnastikaning barcha turlarida yoʻllanmalar kutib qolamiz

MOQ rahbariyati kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasida boʻlib, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirgan uch yoʻnalishdagi terma jamoalarimizning rejalarini oʻrgandi.

Gimnastikachilarimiz har bir Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida muntazam ishtirok etib kelishmoqda. Pekin-2008 yozgi Olimpiya oʻyinlarida esa 2 dasturda bronza medallari qoʻlga kiritilgan. Bugungi suhbat davomida sportchilarimizning barcha yoʻnalishlarda litsenziya qoʻlga kiritishlarini taʼminlash, ularning Xitoyda oʻtgan Olimpiadadagi kabi muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish haqida batafsil fikr almashildi.

Federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari Gyozal Muminova taqdimot bilan tanishtirar ekan, gimnastika ommaviyligini oshirish, seleksiya yoʻnalishiga alohida ahamiyat qaratish bosh maqsadlardan ekani haqida aytib oʻtdi. Bunda Prezidentimiz tashabbusi bilan faoliyatini boshlagan Oksana Chusovitina mahorat maktabi yosh iqtidorlarni saralab olishning muhim boʻlagi ekani taʼkidlandi.

Bugungi oʻrganish ishlari davomida Oʻzbekiston basketbol va gimnastika federatsiyalari mutasaddilarining yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik boʻyicha rejalari tinglanib, bu boʻyicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasiga takliflar belgilab olindi.

https://t.me/Uzb_Gymnastics/3357