Bugun Oʻzbekiston Gimnastika Federatsiyasining ishchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Bugun Oʻzbekiston Gimnastika Federatsiyasining ishchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Onlayn rejimda bo'lib o'tgan yigʻilishga hududiy bo‘limlar rahbarlari va vakillari qo‘shildilar. OʻGF raisi, "Uzavtosanoat" rahbari Ulugʻbek Rozukulov kun tartibidagi asosiy masalalarni eʼlon qildi. Ulardan eng muhimi – joriy yil 13-fevral kuni video selektor yigʻilishida mamlakat Prezidenti, Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy sport federatsiyalari oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish masalasi bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, joylarda maxsus sport infratuzilmasini kengaytirish, gimnastika obyektlarini qurish va ularni jihozlash bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Bu orqali imkon qadar ko‘proq maktabgacha yoshdagi va kichik maktab yoshidagi bolalarni gimnastikaga jalb qilish maqsad qilingan. Shuningdek, gimnastika turlari bo‘yicha murabbiy va instruktorlarning malakasini oshirishga qaratilgan seminarlarni tashkil etish, shuningdek, gimnastika rivojlantirilayotgan xususiy klublarni muntazam monitoring qilish zarurligi ta’kidlandi.

Bosh vazifa sifatida 2025-2028 yillar Olimpiya sikli strategiyasini ishlab chiqish belgilandi. Hududiy federatsiyalar va manfaatdor tijorat kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida marketing va reklama doirasida hamkorlik qilish masalasi ko‘rib chiqilishi taklif etildi. Shuningdek, hududiy bo‘limlarning ish tizimini qayta ko‘rib chiqish va rahbar lavozimlariga malakali mutaxassislarni saralash bo‘yicha tavsiyalar berildi.