Gimnastika ommaviyligini kuchaytirish, xalqaro maydondagi yutuqlar salmogʻini oshirishga qaratilgan yigʻilish oʻtkazildi
Bugun Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining navbatdan tashqari kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda federatsiya rahbariyati tarkibi qayta shakllantirildi. Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, federatsiya Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari, gimnastika sport turlari boʻyicha terma jamoalarning katta murabbiylari, viloyatlardagi boʻlim vakillari (onlayn) ishtirok etishdi.
Yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtdi. Vazir gimnastika sportining mamlakatimizdagi ommaviyligini yanada oshirish, seleksiya ishlarini kuchaytirish, yillar davomida yangilanmagan inventarlarni zamonaviylariga almashtirish orqali viloyatlardagi boʻlimlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlarni jalb etish, bir soʻz bilan aytganda, federatsiya faoliyatini tubdan oʻzgartirish lozimligini taʼkidladi.
Adham Ilhamovich gimnastikachilarimizning soʻnggi davrda qayd etgan natijalari, xususan, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlar haqida ham gapirib oʻtdi. Biroq u oldinda turgan Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish, Parij-2024 Olimpiadasiga imkon qadar koʻproq litsenziya olish kabi vazifalar turgani, buning uchun federatsiya rahbariyati tarkibini yangilash orqali ish faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligiga toʻxtaldi.
Shundan soʻng kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masalaga oʻtildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Ruslan Mustayevning oʻz xohishiga koʻra bergan isteʼfosi ishtirokchilar tomonidan qanoatlantirildi. Uning oʻrniga sohada, xususan, xalqaro maydonda ulkan tajribaga ega Goʻzal Moʻminova nomzodi ilgari surildi. Qayd etish joiz, ushbu mutaxassis bir vaqtning oʻzida Osiyo gimnastika ittifoqining badiiy gimnastika yoʻnalishi boʻyicha texnik qoʻmitasi rahbari, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining gimnastika turlari boʻyicha texnik qoʻmitasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritadi.
Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Goʻzal Bahodirovnaga Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, shuningdek, «Oʻzavtosanoat» AJ vakili Bahrom Shokirovga moliyaviy masalalar boʻyicha federatsiya raisi oʻrinbosari vazifasi yuklatildi.
Oʻz oʻrnida, Goʻzal Moʻminova kelgusida bildirilgan ishonchni oqlashga, ushbu masʼuliyatli vazifani bajarishda bor kuchini safarbar qilishga vaʼda berdi.
Yigʻilishda federatsiyaning yangi rahbariyatiga rivojlanish boʻyicha oʻzlarining strategiyasini ishlab chiqish, gimnastika turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha tayyorlanayotgan Prezident Qarori loyihasiga takliflar kiritish boʻyicha alohida vazifa yuklatildi.